Universitetga birinchi bor kirgan kunim hanuz yodimda. Dargohga qadam qo‘yishim bilan o‘zimni butunlay yangi olamga kirib kelgandek his qilganman. Ko‘z oldimda bir-biridan faol talabalar, ustozlar, harakat, ilm, izlanish – xullas, orzularim shakl topa boshlagan bir muhit jonlangan edi. O‘sha payt ichimdan bitta fikr o‘tgandi: mana shu yerda men o‘zimning haqiqiy davrimni boshlayman.
Talabalik deganda ko‘pchilik dars, imtihon deb o‘ylaydi. Lekin Renessans ta’lim universitetidagi talabalik o‘zgacha. Bu yerda har kuni yangi g‘oya tug‘iladi, har bir uchrashuv yangi imkoniyatga aylanadi. Ba’zida bir ma’ruza, bir maslahat yoki ustozning aytgan bir gapi hayotingni o‘zgartirishi mumkin.
Universitetdagi talabalikning eng katta boyligi – bu ijobiy muhit. Kimdir loyihada yoningda turadi, kimdir imtihonga tayyorlaydi, boshqalar esa birgina hazili bilan butun ko‘nglingni ko‘targandek bo‘ladi. Universitetdagi do‘stlik boshqacha: chin, samimiy va haqiqiy. Chunki barchamiz bir maqsad yo‘lida – ilm olishga, Vatanimiz rivojiga hissa qo'shishga harakat qilyapmiz.
Universitetim menga ko‘p narsani o‘rgatdi: talabalik – kasb tanlash bilan birga inson o‘zini qayta yaratadigan davr. Men bu yerda fikrlashni, izlanishni, katta maqsad qo‘yishni, harakat qilishni o‘rganyapman. Universitetimda har bir kundan yangi ma’no topaman, har bir xato esa menga dars bo‘ladi.
Men Renessans ta’lim universiteti talabalarini talabalik – oltin davri bilan tabriklayman. Bularning barini qadriga yetishimiz lozim. Talabalik kelajakni yaratish yo‘lida eng katta qadamdir.