Universitetimiz talabalari bugun dunyoning turli davlatlarida ham o‘z bilim va salohiyatini namoyon etmoqda. Ularning qo‘shma ta'lim dasturlar orqali nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olayotgani biz uchun faxrdir.
Xabaringiz bor, yaqinda universitetimiz vakillari Xitoyning Nankin politexnika institutida bo‘lib o‘tgan konferensiyada ishtirok etdi. Xizmat safari davomida ular Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida grant asosida ta’lim olayotgan 3 nafar talabamiz bilan uchrashdi.
Samimiy suhbat chog‘ida ularning o‘qish jarayoni, yashash sharoitlari hamda ta’lim imkoniyatlari bilan yaqindan tanishildi. Shinjiang universitetida talabalarimiz uchun barcha qulayliklar yaratilgan bo'lib, ular bir yil davomida Xitoyda ta’lim oladi, bundan tashqari, haftasiga to‘rt marotaba sport bilan shug‘ullanishlari uchun yetarli sharoitlar mavjud.
Shuningdek, talabalarimiz Xitoyning ta’lim tizimi, madaniyati va iqtisodiy hayoti bilan bevosita tanishib, o‘z bilimlarini yanada boyitmoqda.