Renessans ta’lim universiteti talabalari sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishmoqda

Renessans ta’lim universiteti talabalari sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishmoqda

Renessans ta’lim universitetida bugungi kunda sportning 13 yo‘nalishi — belbog‘li kurash, boks, badiiy gimnastika, futbol, taekvondo (WTF), dzyudo va boshqa sport turlari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Ta’lim jarayoniga qaratilgan yuksak e’tibor natijasida universitet talabalari turli sport musobaqalarida shohsupaning yuqori pog‘onalaridan joy olib kelmoqda.Xususan, universitetning voleybol jamoasi joriy yil yanvar oyida Toshkent shahridagi 92 ta oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Universiada-2024” sport musobaqalarining hududiy bosqichi hamda respublika bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ma’lumki, 2024–2025-o‘quv yilidan boshlab talabalar o‘rtasida uch bosqichli “Talabalar ligasi” sport musobaqalari yo‘lga qo‘yildi. Universitetimizning badminton jamoasi ushbu musobaqalarning Toshkent shahar bosqichida barcha raqiblarini ortda qoldirib, faxrli 1-o‘rin sohibiga aylandi.
 
Talabalarimiz xalqaro maydonlarda ham universitet sha’nini munosib himoya qilmoqda. Joriy yilning 5–12-oktabr kunlari Rossiyaning Chuvashiya Respublikasi, Novocheboksarsk shahrida milliy yakkakurash turlari bo‘yicha o‘tkazilgan II Butunjahon o‘yinlarida 4,5 mingdan ortiq sportchi medallar uchun bahs olib bordi. Quvonarlisi, ushbu musobaqada Renessans ta’lim universiteti “Sport faoliyati” kafedrasi 1-bosqich magistranti Akromjon Alijonov 57 kg vazn toifasida 3-o‘rinni egalladi.Shuningdek, ushbu kafedraning Taekvondo WT yo‘nalishi talabalari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida bo‘lib o‘tgan “Rektor kubogi” musobaqasida 70 ga yaqin taekvondochilar orasida 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
 
Bundan tashqari, 27–29-oktabr kunlari Qozog‘istonning Turkiston shahrida Qozoq kurashi bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida universitetimizning magistratura yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Muslimaxon Axmedova 63 kg vazn toifasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.Dubay shahrida Taekvondo GTF sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida Sport faoliyati yo‘nalishi talabasi Sanam Ergasheva o‘zining kuchi, qat’iyati va mahorati bilan 3-o‘rinni egallab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
 
Talabalarimiz “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarida ham o‘z mahoratlarini namoyon etib kelishmoqda. Jumladan, Toshkent shahar bosqichida voleybol va stol tennisi yo‘nalishlarida 1-o‘rin, futbol bo‘yicha esa 2-o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘l oldi. Bugungi kunda universitetimiz talabalari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida ishtirok etmoqda.
 
Mazkur yutuqlar Renessans ta’lim universitetida sportga qaratilayotgan e’tibor, tizimli ishlar va malakali murabbiylar mehnatining samarasidir.