Renessans yoshlari: Talaba yangi ilovasi orqali ingliz tilini o‘rganishni osonlashtirmoqchi

Renessans yoshlari: Talaba yangi ilovasi orqali ingliz tilini o‘rganishni osonlashtirmoqchi

Talaba yangi ilovasi orqali ingliz tilini o‘rganishni osonlashtirmoqchi

Bugungi kunda turli mobil ilovalar va zamonaviy dasturlar orqali ingliz tilini o‘rganish ancha yengillashdi. Qo‘l telefonidan maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek, o‘z ustida mustaqil ishlash orqali qo‘shimcha darslarga ortiqcha mablag‘ sarflash shart emas. Asosiysi — qiziqish, xohish va qat’iyatdir. 

O‘qituvchi bo‘lishni maqsad qilgan qahramonimiz Mardonbek To‘rayev hozirda Renessans ta’lim universiteti 3-bosqich talabasi. Til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq unda oilada uyg‘ongan. Boisi, opasi ingliz tilidan saboq beradi. Mardonbek ham kelgusida ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lmoqchi. Buning uchun hozirdan o‘z ustida ishlab, ingliz tilini mukammal o‘rganib bormoqda.   

– Opam: “Ingliz tilini o‘rganish qiyin ko‘rinishi mumkin, ammo to‘g‘ri yondashuv bilan bu jarayon tez, oson va samarali bo‘lishi hech gap emas”, deb meni ruhlantirgan. Opamning ingliz tilida bemalol gaplashishlarini ko‘rib ularga havas qilganman, – deydi Mardonbek.

To‘rt farzandning kenjasi bo‘lgan Mardonbek ana shu havas ortidan ingliz tilini o‘rganishga qiziqishi ortdi. Til o‘rganishni boshladi. Bunda unga opasi yordam berib, uni qo‘llab-quvvatladi. 

Qahramonimiz izlanishlari davomida duch kelgan vaziyatlardan to‘g‘ri xulosa qilib, ingliz tilini o‘rganayotgan tengdoshlariga qulaylik yaratish maqsadida “Renessans english” nomli mobil ilova yaratdi. Hozir ilova takomillashtirish bosqichida bo‘lib, uning qulayligi o‘quvchilarni ingliz tilini o‘rganishdagi qiyinchiliklarni o‘yin shaklida osonlashtirish, tez va samarali natijaga chiqishga yo‘naltirilgan.   

— Ilovaning tasks bo‘limida o‘quvchilar o‘z ustida ishlash uchun “listening”, “reading”, “writing”, “grammar practice”, “vocabulary”, “video tasks” kabi til o‘rganishga oid maxsus mashqlar kiritilgan, — deydi Mardonbek To‘rayev. — Bu mashqlar ularning progresslariga ta’sir qiladi. Agar o‘quvchilar progressni oraliq nazoratgacha 20 foizga chiqara olishmasa, oraliq nazoratiga kira olishmaydi va bu orqali til o‘rganuvchi jarayonga mas’uliyat bilan yondashishga majbur bo‘ladi. Muhim tomoni imtihon qismiga kirish uchun o‘quvchilar bu mashqlarni bajarishi zarur bo‘ladi hamda tilish bilish ko‘nikmasi oshadi. 

Ilova o‘rganuvchilarga xohlagan paytda individual shug‘ullanishga yordam beradi va ilovaga qo‘shimcha qulaylik sifatida AI ustoz ham qo‘shiladi. Shu bilan birgalikda o‘quvchilar “Essay writing, speaking” mashqlarini o‘rganadi va AI ustoz ularni tekshirib beradi.  

Afzalliklari: ilovada ingliz tiliga oid kitoblar, “leaderboard”, ya’ni reyting jadvali qismi mavjud. Unda o‘quvchilar o‘z natijalarini ko‘rib borishi mumkin. Bu o‘zaro raqobat muhitini shakllantiradi, yanada o‘z ustida ishlashga undaydi. 

Bu ilova ingliz tilini o‘rganishda vaqtni tejash va jarayonni osonlashtirishi va natijaga erishishda yaxshi samara berishi mumkin.