Xabaringiz bor, Renessans ta’lim universiteti talabalari akademik mobillik dasturi doirasida Xitoyda bo‘lib turibdi. Kecha Chong Chu xavfsizlik texnologiyalari kasb-hunar institutida o‘quv kurslarining tantanali ochilishi bo‘ldi.
Unda institut jamoasi Renessans ta’lim universitetining xalqaro hamkorlikda faol ishtiroki va zamonaviy talablar asosida rivojlanayotganini e’tirof etdi. Tadbirda vakillarimiz so‘zga chiqib, Xitoy xalqining mehmondo‘stligi hamda ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida fikr bildirdi.
Ochilishdan so‘ng tabiiy ofatlar bo‘yicha ilk nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, Xitoy talabalari o‘z tajribalarini amaliy tarzda namoyish etdi. O‘ziga xos tajriba almashinuvi talabalarimizda ijobiy taassurot qoldirdi.
Dastur doirasida ikki universitet talabalari o‘rtasida do‘stlik futbol uchrashuvi o‘tkazilishi belgilandi. Rejaga muvofiq, Xitoyning diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar ham tashkil etilmoqda.
Mazkur hamkorlik ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlovchi va talabalarga yangi ilmiy-amaliy imkoniyatlar yaratuvchi ko‘prikka aylandi.